2025-yilning 12-fevral kuni Xitoyda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi bahslari start oldi. Bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston terma jamoasi ham musobaqadagi ishtirokini boshlaydi.
“C” guruhidan o‘rin olgan Farhod Nishonov shogirdlari dastlabki turda yamanlik tengqurlari bilan bellashadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 14:15 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Eron va Indoneziya jamoalari kuch sinashadi. O‘yin 16:30 da boshlanadi.
Ta‘kidlash joiz, O‘zbekiston terma jamoasi turnirning amaldagi g‘olibi hisoblanadi. 2023-yil Toshkentda o‘tgan turnir finalida mezbonlar Iroq terma jamoasini kichik hisobda taslim etib, qit‘a chempioni bo‘lgan.
Ma‘lumot uchun, Xitoyda o‘tkazilayotgan hozirgi musobaqa 2026-yil Chili mezbonlik qiladigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani taqdim etadi. Osiyo birinchiligining 4 ta yarim finalchisi kichik mundial ishtirokchisiga aylanadi.
Demokrat.uz jamoasi yosh futbolchilarimizga omad tilaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!