Jamiyat

Qo‘qonda noqonuniy daraxt kesgan shaxslar qamoqqa olindi

Qo‘qonda noqonuniy daraxt kesgan shaxslar qamoqqa olindi

Qo‘qon shahrida ko‘p yillik chinor daraxtini noqonuniy kesishga uringan ikki fuqaro ushlandi. Ular jarayonda qo‘lga tushib, qochishga harakat qilgan.

Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, holat «Zilol» mahallasida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng, viloyat prokuraturasi, Ekologiya boshqarmasi va Ichki ishlar bo‘limi xodimlari voqea joyini o‘rgangan.

Tekshiruv davomida noma’lum shaxslar ruxsatsiz ravishda chinor daraxtining yarmini kesib tashlagani aniqlangan. Tabiatga yetkazilgan zarar 117 million so‘m deb baholangan.

O‘tkazilgan surishtiruv natijasida, bu jinoyatni Uchko‘prik tumanining «Farovon» mahallasida yashovchi ikki fuqaro sodir etgani aniq bo‘ldi. Ularning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha huquqbuzarlik deb topilib, har ikkala shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (yashil zonalarda daraxt va butalarni noqonuniy kesish yoki shikastlash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.