Jamiyat, Jinoyat

Koloniyadan mahkumning o‘ligi chiqdi

Koloniyadan mahkumning o‘ligi chiqdi

Olmaliqdagi 14-sonli koloniyadan 15 fevral kuni 21 yashar mahkum – Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov maʼlum qildi.

Mahkumning onasi Nigora Qambarovaning aytishicha, u o‘g‘li bilan shu yilning 26–28 yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvlarda bo‘lgan. Ayolning bildirishicha, o‘g‘li xalqaro sport turnirlari g‘olibi bo‘lib, bolaligidan sport bilan shug‘ullangan. Biror marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan, unda biror yondosh kasalliklar kuzatilmagan. Bezorilikda ayblanib, 3 yilga qamalgan yolg‘iz o‘g‘li shu yil avgustida manzil koloniyaga chiqishi kerak edi.

Koloniya maʼmuriyati esa Muhammadqodir miokard infarkti va pankreatitning og‘ir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etganini aytmoqda. Biroq uning onasi farzandining badanida qiynoq izlari mavjudligi, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar borligini bildirgan.

“Bizda shubha tug‘dirgan hozircha yagona jihat koloniya maʼmuriyatining mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermaganligidir”, deb yozdi Abdurahmon Tashanov.