Ozarbayjon 13 yillik tanaffusdan so‘ng Damashqdagi elchixonasi faoliyatini tikladi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Report” nashri.
Maʼlumotlarga ko‘ra, elchixonaning vaqtinchalik ishlar vakili allaqachon Suriya poytaxtiga yetib borib, rasmiy vazifalarini bajarishga kirishgan. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yangi bosqichi sifatida baholagan.
Rasmiy bayonotda taʼkidlanishicha, mazkur qadam siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda sheriklikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, Boku xalqaro huquq tamoyillariga asoslangan holda, Suriyada barqaror tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qilgan.
Oxirgi paytlarda dunyo davlatlari Suriyadagi diplomatik vakolatxonalarini qayta ochishni boshladi. Jumladan, Fransiya 2024 yil dekabr oyida o‘z elchixonasi faoliyatini tikladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!