Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvayt valiahdi bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvayt valiahdi bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 fevral kuni Al-Kuvayt shahriga tashrif doirasida ushbu mamlakat valiahdi Shayx Saboh as-Saboh bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish hamda mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat boshida Mirziyoyev valiahdga samimiy qabul va alohida e‘tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar, hukumat a‘zolari va yetakchi kompaniyalar bilan sermahsul uchrashuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarini kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lishi ta‘kidlandi.

Oliy va yuqori darajada yaqin muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi. Investitsiyalarni jalb qilish uchun platformani tez fursatda ishga tushirish, agrosanoat majmui, transport va logistika, sog‘liqni saqlash, ta‘lim, farmatsevtika, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.

“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e‘tibor qaratildi.