Kecha, 19-fevral kuni AQSHning Arizona shtati janubida ikkita kichik samolyotning to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi “Amerika ovozi”.
Milliy transport xavfsizligi kengashining aytishicha, har bir samolyot bortida ikki kishi bo‘lgan. To‘qnashuv Tukson shahri yaqinidagi Marana mintaqaviy aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan.
To‘qnashuvdan so‘ng Cessna 172 xavfsiz qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan, Lancair 360 MK II esa uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqinida yerga qulab tushdi va yonib ketgan.
Vafot etganlarning ikki nafari samolyotlardan birida bo‘lgan, biroq Marana politsiyasi gap qaysi biri haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Shu bilan birga, Cessna‘ga tegishli bo‘lgan AeroGuard parvoz maktabi uning ikki uchuvchisi jabrlanmaganini ma‘lum qildi.
“Samolyotlarning hech biri Marana aeroportida joylashgan emas. O‘t o‘chiruvchilar tezda yong‘inni o‘chirishdi”, deb ta‘kidladi shahar ma‘muriyati.
AeroGuard matbuot kotibi Mett Panichas voqea tafsilotlarini izohlashdan bosh tortdi, biroq kompaniya tergov bilan hamkorlik qilayotganini aytdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!