Jahon

Turkiyada kuchli qor tufayli aviyareyslar bekor qilinmoqda

Turkiyada kuchli qor tufayli aviyareyslar bekor qilinmoqda

19-21 fevral kunlari kuchli qor yog‘ishi munosabati bilan Istanbul xalqaro aeroporti va Sabiha Go‘kchen aeroportlarida O‘zbekistondan hamda boshqa mamlakatlardan yuzlab aviareyslar bekor qilinmoqda, deb mamlakatning Transport va infratuzilma vazirligiga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.

Ta‘kidlanishicha, Istanbul xalqaro aeroportida kecha, 19-fevral kuni 15 foizgacha, 21-fevral kuni esa 20 foizgacha reyslar qisqartirilishi belgilangan.

“Turkish Airlines har kuni o‘rtacha 1000 ta reys amalga oshirishi hisobga olinsa, 19 fevral kuni taxminan 150 ta, 21 fevral kuni esa 200 ga yaqin reysning bekor qilinishi kutilmoqda. Ushbu raqamlarga doimiy ravishda o‘zgarib borayotgan meteorologik sharoitga qarab aniqlik kiritiladi”, deyiladi bayonotda.

Sabiha Go‘kchen aeroporti bo‘yicha esa 19-fevral kuni hech qanday reys bekor qilinmasligi haqida qaror qabul qilingan. Ammo bugun, 20 fevral kuni ehtiyot chorasi sifatida reyslarning 10 foizi bekor qilinishi belgilangan. Ushbu doirada Pegasus aviakompaniyasi 46 ta, Ajet esa 22 ta reysni bekor qiladi.

“21 fevral, juma kuni uchun ham reyslar tahlil qilingan bo‘lib, ushbu kunda 15 foizga yaqin reys bekor qilinadi. Shu doirada Pegasus 68 ta, Ajet esa 34 ta reysni bekor qilishga qaror qildi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, har ikki aeroportda ham parvoz ekipajlarining ish grafigi aviakompaniyalar tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan, og‘ir ish jadvaliga ega ekipajlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Navbatchi ekipajlar soni oshirilgan va kerakli choralar aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ushbu noqulay ob-havo sharoiti tufayli 20, 21, 22 fevral kunlari Uzbekistan Airways ham Toshkent – Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY281/282 aviaqatnovlarini bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Bekor qilingan aviaqatnovlar yo‘lovchilari tashuvi yuqorida keltirilgan sanalarning kunduzgi vaqtida amalga oshiriladigan HY271/272 va HY273/274 aviaqatnovlari orqali rejalashtirilgan.

“Murakkab ob-havo sharoiti va yog‘ingarchilik kutilayotganini hisobga olgan holda yo‘lovchilardan parvozga ro‘yxatdan o‘tish uchun oldinroq kelishlarini so‘raymiz. Qaror Meteorologiya aviatsiyasini muvofiqlashtirish qo‘mitasining joriy yil 18 fevraldagi Istanbul xalqaro aeroportidagi inqirozli vaziyat bo‘yicha majburiy va tavsiyaviy talablari asosida qabul qilingan”, deyiladi xabarda.