AQSH ma‘muriyati Ukrainadagi foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha kelishuvning “takomillashtirilgan” versiyasini Kiyevga yubordi, deb Axios xabar berdi.
So‘nggi kunlarda minerallar bo‘yicha kelishmovchilik AQSH va Ukraina munosabatlarida keskin burilish bo‘ldi. Prezident Donald Tramp ukrainalik hamkasbini Rossiya bilan urushni tanlagan “saylanmagan diktator” sifatida qoraladi, Zelenskiy esa bunga javoban uni Rossiyaning “dezinformatsiya”sini yutib yuborganlikda aybladi.
Ikki tomondagi manbalar endilikda AQSHga Ukraina minerallaridan foydalanishga ruxsat beruvchi bitim imzolanishini aytmoqda.
Zelenskiy bitimning dastlabki versiyasi mamlakat manfaatlarini himoya qilmagani uchun vazirlarga mazkur hujjatni imzolamaslikni buyurgandi. Takomillashgan bitim shartlari Ukraina prezidentiga manzur kelishi kutilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, hujjatga “sezilarli yaxshilanishlar kiritilgan” va u “Ukraina qonunchiligiga mos keladi”. Bitim “Zelenskiyning ayrim xavotirlarini hisobga olishi” qayd etilgan. Xususan, unda bitim Nyu York sudi yurisdiksiyasiga tegishli bo‘lishi haqidagi band chiqarib tashlangan. Boshqa tafsilotlar esa keltirilmagan.
Zelenskiyning bir nechta maslahatchilari unga Tramp bilan “yangi kelishmovchiliklardan qochish” va unga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni asoslash imkoniyatini berish uchun yangilangan hujjatni imzolashni maslahat berdi, deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!