Rasmiy Boku BBC Ozarbayjon xizmatining mamlakat poytaxtidagii ofisini yopishni talab qildi, deb BBC xabar berdi.
Nashrning yozishicha, BBC jurnalistlari vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar Bakudagi faoliyatini to‘xtatgan. Lekin, BBC ozarbayjon tilida xabar berishni davom ettirish niyatidaligini bildirgan.
BBC qayd etishicha, kompaniya Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligining og‘zaki buyrug‘idan so‘ng ofisni vaqtincha yopish bo‘yicha “majburiy qaror” qabul qilgan. Bir qator mediakorporatsiya vakillari ushbu qarorni “matbuot erkinligini cheklash”, deb baholagan.
“Biz matbuot erkinligini cheklovchi bu choradan chuqur afsusdamiz. Bu Ozarbayjondagi voqealarni yoritish bo‘yicha ishimizni, mamlakatimiz ichidagi va tashqaridagi tomoshabinlar bilan bo‘lgan munosabatimizni juda qiyinlashtiradi”, deydi BBC vakili.
Ma‘lumot uchun, BBC Ozarbayjonda 1994 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Ozarbayjon rasmiylari hozircha bu talab bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!