Jamiyat, Siyosat

Hiyobonlar, istirohat bog‘lari va skverlarni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi

Hiyobonlar, istirohat bog‘lari va skverlarni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi

Senatning kecha, 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan  to‘rtinchi yalpi majlisida “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma‘qulladi, deb  Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, hozirda yer va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik, shaharsozlik reglamentlari talablariga rioya etilishini ta‘minlash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning yer uchastkalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish maqsadida yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu bilan birga, respublikada skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar hududlarini hamda ularda ekilgan daraxtlar muhofaza qilinishini kuchaytirish, ular yerlarida bino va inshootlar qurilishini oldini olish choralarini ko‘rish lozim.

Qonun bilan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etilishi, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, hududlarini qisqartirish, ularda bino va inshootlar qurish taqiqlanishi qat‘iy belgilanmoqda.

Ushbu cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi, botanika bog‘larini xususiylashtirish va ularning hududlarida qurilishni amalga oshirish taqiqlangan holda botanika bog‘larining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, qonun bilan Yer kodeksi alohida bob bilan to‘ldirilib, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etish, ularni belgilash va o‘zgartirish tartibi tatbiq etilmoqda.

“Shuningdek, madaniy hordiq maskanlari va ularning hududlarini saqlab qolish, botanika bog‘lari va ularning yerlarini begonalashtirish, hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilishosti maydonlarini kengaytirishni taqiqlaydi hamda mansabdor shaxslarning mas‘uliyatini oshiradi”, deyiladi xabarda.

Senatorlarning ta‘kidlashicha, qonunning qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona foydalanish va boshqarish samaradorligini oshirish, yer fondining barcha toifalaridagi yer uchastkalarini bozor va kadastr baholash sifatini yaxshilash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlarining yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari bo‘yicha xabardorligini oshirish va sohada nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.