O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Osiyo Kubogi chorakfinalida Janubiy Koreyaga penaltilar seriyasida yutqazib, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi.
Xitoyda o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida jahon chempionatiga yo‘llanma beradigan chorakfinal o‘yinlari yakunlandi. So‘nggi chorakfinalda amaldagi chempion O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan to‘qnash keldi. Ushbu bellashuvda «oq bo‘rilar» dramatik tarzda mag‘lubiyatga uchradi.
Uchrashuvda O‘zbekiston 1:3 hisobida ortda borayotganiga qaramay, 90 va 90+4-daqiqalardagi gollar evaziga hisobni tenglashtirib, o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi. Qo‘shimcha 30 daqiqalikda darvozalar daxlsiz qoldi, penaltilar seriyasida esa koreyslar darvozaboni seyvlari bilan jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Shu tariqa Farhod Nishonov boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoasi musobaqani tark etib, Chilida o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.
Yarimfinalga chiqqan Saudiya Arabistoni, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya Osiyo sharafini himoya qilish uchun jahon chempionatida ishtirok etadi.
Osiyo Kubogi U-20. 1/4 final Janubiy Koreya — O‘zbekiston 3:3
Penaltilar seriyasi — 3:1
23-fevral. Shenchjen
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!