Jamiyat

Yo‘l harakati qoidalariga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqaldi

Yo‘l harakati qoidalariga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda YPX inspektori ishtirokidagi video tarqaldi. Unda 60 km/soat belgilangan hududda 66 km/soat tezlikda harakatlansangiz, avvalgi 1 baravar (375 ming so‘m) jarima o‘rniga 5 baravar jarima to‘lashingiz kerakligi aytilgan. Bu ma’lumot noto‘g‘ri.

Jarima miqdorlari o‘zgarmagan

Yangi qonun bilan tezlik uchun jarimalar oshirilgani yo‘q. Tezlik cheklovidan oshish holatida jarima miqdorlari quyidagicha qolgan:
✔️ 20 km/soatgacha – 1 baravar
✔️ 20–40 km/soat – 5 baravar
✔️ 40 km/soatdan yuqori – 9 baravar

Yangi o‘zgarish nimada?

Faqat bir ma’muriy o‘zgarish kiritilgan:
Belgilangan tezlikdan 60 km/soatga oshirib yuborilsa, jarima miqdori 15 baravar (5 mln 625 ming so‘m) etib belgilandi. Masalan, 60 km/soat cheklov bor joyda 125 km/soatdan tez harakat qilgan haydovchilar 15 baravar jarima to‘laydi. Ilgari esa 40 km/soatdan oshirilganda doim 9 baravar jarima belgilangan edi.

Shuningdek, avval bir yil ichida takroran sodir etilgan tezlik buzilishlari uchun jarima oshirilar edi. Endi bu qoida bekor qilindi.

Tezlikka oid jarima miqdorlari avval qanday bo‘lsa, hozir ham shunday. Har qanday rasmiy ma’lumotlar faqat tegishli davlat organlari orqali tasdiqlanishiga e’tibor bering.