Jamiyat, Siyosat

O‘zbekistonda begonalarga xayriya mablag‘lari yig‘ish taqiqlanmoqda

O‘zbekistonda begonalarga xayriya mablag‘lari yig‘ish taqiqlanmoqda

O‘zbekiston Qonunchilik palatasi deputatlari jismoniy shaxslarga faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshi uchun xayriya mablag‘lari yig‘ishga ruxsat berishni ko‘zda tutgan qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, ko‘ngillilar o‘zlariga begona bo‘lgan shaxslar manfaati uchun faqat e’lon berish orqali xayriya yig‘ishga ko‘maklashishi mumkin.

Bundan tashqari, xayriya qutilari faqat nodavlat tashkilotlar va boshqa homiylik qiluvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatiladi. Xayriya faqat shu qutilar orqali naqd pul shaklida yig‘iladi.

Xayriya qutilari shaffof bo‘lishi, ularning joylashgan manzili oldindan e’lon qilinishi va ochilish jarayoni guvohlar ishtirokida videotasvirga olinib, jamoatchilikka taqdim etilishi shart.

Shuningdek, xayriya mablag‘larini noqonuniy yig‘ish va qutilarni ruxsatsiz o‘rnatish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda.