Qirg‘iziston Bosh muftiysi dafn marosimlariga oid fatvo chiqardi. Unga ko‘ra, marhumning uyida birinchi uch kun davomida qoramol so‘yish va mehmonlarga taom tortish taqiqlanadi. Shuningdek, “uch, to‘rt, yetti, yigirma, qirq” kabi turli marosimlarni o‘tkazish ham joiz emas.
Muftiylik qabrtoshlar bo‘yicha ham o‘z qarorini e’lon qilib, marhumning qabriga marmar, temir yoki granitdan yodgorlik o‘rnatish mumkin emasligini ta’kidladi. Latta tarqatish, belbog‘ taqish va maxsus kiyim kiyish kabi urf-odatlar isrofgarchilik deb topilib, qat’iyan man etildi.
Fatvoda, shuningdek, marhumni imkon qadar tezroq dafn etish shari’at talabi ekani aytilgan. Jasadni hech qanday sabab bilan 2-3 kun ushlab turish to‘g‘ri emasligi alohida ta’kidlangan.
“Agar puli ko‘p bo‘lsa, odamlar uni yetimlar yoki beva-bechoralarga bersin. Islomda yo‘q odatlardan qancha tez qutulsak, hayotimiz shuncha yaxshilanadi,” dedi muftiy o‘rinbosari Akimjon Ergeshov, turli e’tirozlarga javob berar ekan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!