Samarqand shahrida 19 yoshli qiz o‘zini 9-qavatdan tashlab joniga qasd qildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 19-fevral kuni soat 17:00 atrofida yuz bergan. 2005- yilda tug‘ilgan S.M. Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uyning 9-qavatidan o‘zini tashlab, halok bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qizning derazada osilib turgani, atrofdagilar uni ushlab qolishga uringani, biroq u qarshilik qilgani aks etgan video tarqaldi.
Hodisa joyi tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, qizning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, uning uyali telefoni musodara qilinib, undagi ma’lumotlarni o‘rganish uchun Kiberxavfsizlik markazi tomonidan texnik ekspertiza o‘tkazilishi belgilangan.
Marhuma Samarqand shahridagi ISFT universitetining 1-bosqich talabasi bo‘lgan. U hali turmush qurmagan bo‘lib, buvisi bilan yashagan.
Hozirda holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!