HAMAS bayonotiga ko‘ra, Isroil tomonidan davom ettirilayotgan blokada va qishning sovuq iqlimi tufayli G‘azo sektorida 6 chaqaloq halok bo‘ldi.
Gumanitar tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, Isroil 2 milliondan ortiq falastinlik yashayotgan G‘azoga insonparvarlik yordami va qurilish materiallari yetkazilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Xalqaro hamjamiyat esa mintaqadagi og‘ir vaziyatga nisbatan sust munosabatda bo‘layotgani ta’kidlanmoqda.
Bayonotda AQSh, Misr va Qatardagi vositachi davlatlar sulh buzilishining oldini olish uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirilgan. Shuningdek, Isroildan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida insonparvarlik yordamini, jumladan, boshpana, isitish vositalari va dori-darmonlarni yetkazib berish kafolatlanishi talab qilingan.
Shuningdek, G‘azoda 15 oydan beri davom etayotgan hujumlar natijasida 17 mingdan ortiq bola halok bo‘lgani qayd etildi.
Umuman olganda, Isroil hujumlari oqibatida 61 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 2 milliondan ziyod kishi esa uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan. G‘azo sektorida infratuzilmaning 88 foizi vayron bo‘lib, shifoxonalar, maktablar va turar-joylar jiddiy zarar ko‘rgan.
Isroil uzoq vaqtdan beri G‘azoga insonparvarlik yordami yetib borishiga to‘sqinlik qilib kelayotgani sababli mintaqa aholisi oziq-ovqat, ichimlik suvi, boshpana va isitish vositalariga muhtoj bo‘lib qolmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!