Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda hududlarni sektorlarga bo‘lib boshqarish tizimi bekor qilinganligi ma’lum qilindi. Ularning o‘rniga endilikda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli sohalar bilan o‘z kuchi va tizimi bilan shug‘ullanishi belgilandi.
Sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Bu tizim yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etib, vaziyatni o‘nglash uchun barcha kuchlarni safarbar etishga ko‘maklashdi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda hududlar salohiyati bir necha karra oshdi. Lekin keyingi paytda prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorni bahona qilib, sohasidagi ishlarni susaytirib yuborgani tanqid qilindi.
Har bir mahallaga profilaktika inspektori biriktirildi. Lekin tuman ichki ishlar bo‘limlarining yangi tizimda ishlashi kuzatilmayotgani, profilaktika inspektori faoliyatiga baho berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ba’zi ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari rahbariyati og‘ir mahallalar bilan tizimli shug‘ullanmayotgani, ularning professionalligi va mehnatga sadoqati sezilmayotgani qayd etildi.
Soliq idoralari xodimlari har bir mahallaga biriktirilgani bilan tushumlar keskin oshmagani qayd etildi.
Masalan, minglab korxona hisobotlarida birorta ham xodim yo‘q deb ko‘rsatgan bo‘lsa, yana minglab korxona 2 yoki 1 nafar ishchi ko‘rsatmoqda. Bu soliq idoralari yashirin iqtisodiyot bilan sust ishlayotganidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tildi.
Insofli tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i 7 kun ichida qaytarib berilishi belgilangan. Biroq, soliq rahbarlari tadbirkorlarning 487 milliard so‘mlik 2,5 mingga yaqin murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan.
“Bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq shug‘ullanmaydi”, – deb ta’kidladi prezident.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!