Jamiyat

Poytaxt ko‘chalarni ta’mirlash mavsumi boshlandi

Poytaxt ko‘chalarni ta’mirlash mavsumi boshlandi

Bugun, 7-martdan Toshkentda ko‘cha-yo‘l tarmoqlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish mavsumi boshlanadi, deb poytaxt hokimligi xabar qildi. Qish mavsumidan so‘ng ko‘plab ko‘chalarda katta chuqurliklar hosil bo‘lib, noqulayliklar va baxtsiz hodisalarni yuzaga keltirmoqda.

Transport oqimi faol bo‘lgan ko‘chalar holati o‘rganilib, uning natijalariga ko‘ra 2025-yilga mo‘ljallangan joriy va kapital ta’mirlash bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

Dastur doirasida umumiy maydoni 65 ming metr kvadratdan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

“Ishlar qoplamaning uzoq muddat chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallarni qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan amalga oshiriladi”, — deya qayd etdi hokimlik.

Tirbandliklarning oldini olish va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida yo‘l ishlari asosan transport harakati eng kam bo‘lgan soatlarda tashkil etiladi, deya qo‘shimcha qildi shahar hokimligi.