Jahon, Jinoyat

Suriyada Bashar Asad tarafdorlari va xavfsizlik kuchlari to‘qnashdi

Suriyada Bashar Asad tarafdorlari va xavfsizlik kuchlari to‘qnashdi

Suriyada sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari va yangi hukumatning xavfsizlik xizmatlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Oqibatda 13 kishi halok bo‘ldi, deya Reuters xabar berdi.

To‘qnashuvlar Suriyaning g‘arbidagi Jabla shahrida yuz bergan. Bu yerda Asad va uning oilasi mansub bo‘lgan alaviylar jamoasi istiqomat qiladi. Suriya xavfsizlik kuchlari Asad davrida maxsus kuchlar sobiq qo‘mondoni Suhel al-Hasan bilan aloqador qurolli guruhlar bilan to‘qnashgan.

Suriyaning Latakiya, Tartus va Homs shaharlarida komendantlik soati joriy etilgan. Latakiya jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Mustafo Knefati “Asad militsiyasining qoldiqlari” Jabladagi xavfsizlik kuchlarining nazorat-o‘tkazish punktlari va patrullariga “oldindan puxta rejalashtirilgan va qasddan” hujum uyushtirganini aytdi. Bu “ko‘plab harbiylarning halok bo‘lishi va yaralanishiga” olib kelgani ma‘lum qilindi.

Uning ta’kidlashicha, Halab, Idlib, Damashq, Hama va Homs shaharlarida hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar o‘tkazilgan. Reuters ta‘kidlashicha, hozirgi to‘qnashuvlar Suriyaning yangi hukumati 2024-yil dekabrida hokimiyat tepasiga kelganidan buyon yuz bergan “eng shafqatsiz zo‘ravonlik harakatlaridan biri” hisoblanadi.

Ma’lumot uchun; 2024-yil dekabr oyi boshida Suriya prezidenti Bashar Asadning hukumat kuchlariga qarshi bo‘lgan “Hay‘at Tahrir ash-Shom” jangchilari Damashqqa kirib, mamlakatda hokimiyatni egalladi. Asadning o‘zi qochib, boshpana bergan Moskvada panoh topdi. Suriyaning o‘tish davri prezidenti etib Ahmad al-Shar‘a tayinlandi.