Jamiyat, Jinoyat

Turkiyada zo‘rovonlik qurboni bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi

Turkiyada zo‘rovonlik qurboni bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi

Turkiyada erkaklarga intim xizmat ko‘rsatishga majburlangan 19 yoshli ikki o‘zbekistonlik qiz qutqarildi, deb Toshkent viloyati IIBB xabar berdi. Xabarda ta‘kidlanishicha, Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir natijasida bir necha fuqarolarning odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Olmaliq shahrida yashovchi ikki ayolga hozirda Turkiyada yashayotgan “Shahnoza” ismli tanishi qizlarini ushbu davlatga yuborishini, ularni o‘zi kutib olishini va yaxshi daromad topishlariga yordam berishini vaʼda qilgan. U qizlarni “yuz massaji” yo‘nalishida ish borligi bilan ishontirgan, biroq qizlardan shahvoniy maqsadda foydalanishni ko‘zlagan va ularning O‘zbekistondan Turkiyaga borishi uchun aviachipta va boshqa moddiy xarajatlarni qoplab bergan.
19 yoshli ikki qiz
 joriy yilning 6-fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaning Anqara shahriga, so‘ng Konya viloyatiga yetib borgan. Ularni kutib olgan uch nafar shaxs (Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari) shu zahotiyoq qizlarning pasportlarini olib qo‘ygan.

Shundan so‘ng ularni intim xizmatlar ko‘rsatuvchi xonadonga olib borib,  Ularni yopiq sharoitda saqlab, takroriy qarshilik ko‘rsatishsa, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan 12-fevral kuni olingan maʼlumotga asosan Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2005-yilda tug‘ilgan ikki qizning O‘zbekistonga qaytarilishiga erishildi. Qizlar zudlik bilan reabilitatsiya markaziga joylashtirildi.

Shuningdek, qizlarni aldab chaqirtirgan va ularni shahvoniy ishlarga jalb qilgan shaxslar Turkiyada hibsga olindi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston fuqarosi, 1987-yilda tug‘ilgan (Sh.J.) ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ushbu shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Maʼlumot uchun, odam savdosi jinoyatini sodir qilganlar 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.