Oxirgi paytlarda YHXX tomonidan yo`l infratuzilmasidagi kamchiliklar, tirbandliklarni bartaraf etish yo`lida qilinayotgan ishlarni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy va norasmiy manbaalarda kuzatib boryapmiz. “GAI” xodimi bir guruh uniformadagi insonlarni ishlatayotgani, ular tomonidan yo`l qiziqlari chizish, svetaforlarni almashtirish, asfaltlash ishlari, belgilarni o`rnatish kabi fotosuratlar tarmoqda sezilarli darajada ko`paydi. Jamoatchilik e’tirozlari qabul qilinib, o`zgarishlar bo`layotgandek go`yo… Haqiqat shuki, YHXX o`z vazifasini vakolati doirasida ado etmoqda.
O`zbekiston Respublikasining O`RQ-900-son Qonuni bor. 19.01.2024 kuni qabul qilingan Qonunga ko`ra, mahalliy hokimliklar, Transport vazirligi va boshqa bir qator tashkilotlarning yo`l harakati sohasidagi vakolat va majburiyatlari belgilab berilgan.
Yo`ldagi kamchilik haqida gap ketganda hamma tosh faqat YHXX ga otilganini ko`rish mumkin. Odamlarning fikricha, harakat xavfsizligini ta’minlab kelayotgan bu soha barcha yo`llarni ham chet el tajribasi asosida evrostandartlarga moslab ta’mirlab qo`yishi kerak. Go`yoki, jarimalardan tushayotgan pullar faqat “Gai”ning hisobiga yo`naltirilgan? Biroq bu noto`gri qarash.
Masalaning ildiziga kirib borish uchun yuzlab qonun yoki qarorlarni emas, birgina yuqoridagi qonunni varaqlar ko`rish kifoya. YHXX mas’ulining Demokrat.uzga ma’lum qilishicha, Xizmat tomonidan yo`ldagi kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha birgina 2024 yilda 4927 ta taqdimnomalar chiqarilgan. Bularning aksariyatida yo`l qoplamasidagi buzilishlarni o`z vaqtida bartaraf etish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni oldini olish uchun yer usti va yer osti piyodalar o`tish joylarini qurish, yo`l o`tkazgichlar, ko`priklar barpo etish masalalari qo`yilgan.
Hamma gap ushbu taqdimnomalarda belgilab berilgan vazifalarning qanday bajarilganligida. Umuman olganda Qonunda vazifasi aniq ko`rsatilgan ba’zi tashkilotlar o`zining balansidagi yo`lni ta’mirlash uchun YHXXdan qachon taqdimnoma kelishini kutib turishi ham noto`g`ri. O`zlariga nima bo`lgan?
Yo`l transport hodisasi sodir bo`lganda faqat haydovchi emas, uni kelib chiqishiga omil bo`lib xizmat qilgan noto`g`ri yo`l infratuzilmasi egasi ham Qonun oldida javob bersa kerak?
Hurmatli “Yo`l ega”lari yuqoridagi Qonun havolasini xalq uchun emas, sizning varaqlab ko`rishingiz uchun qoldirdik. Tana toshlari otilganda “GAI”ning orqasiga berkinib turishdan charchagandursiz, degan umiddamiz.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!