Jahon boks kengashi (WBC) qozog‘istonlik sobiq sportchi Musa Abdrayimni “Yer yuzidagi eng jasur inson” unvoni bilan taqdirladi. Bu haqda tashkilot o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali ma’lum qildi.
7-mart kuni Olmaota aeroportining ichki reyslar terminalida favqulodda hodisa yuz berdi. Noma’lum shaxs yo‘lovchi sifatida ichkariga kirib, aeroport xavfsizlik xodimidan hujjat so‘rab, ayol xodimni sochidan tortib, unga pichoq bilan tahdid qilgan.
Vaziyatga Musa Abdrayim aralashib, jinoyatchining qo‘lidan pichoqni tortib oldi va uni zararsizlantirdi.
«Men faqat qichqiriq eshitdim va o‘sha tomonga yugurdim. Erkak ayolning sochidan tortib, pichoq bilan tahdid qilayotganini ko‘rganimda, uni qutqarishga harakat qildim. O‘sha paytda: “Agar u mening qizim bo‘lsa-chi?” deb o‘yladim. Keyin esa shunchaki burchimni bajardim,» — dedi Abdrayim.
Jahon boks kengashi uning jasoratini yuksak baholab, bu harakat yaxshilik va birdamlikning haqiqiy namunasi ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 52 yoshli Musa Abdrayim jangovar san’at, kikboksing va tay boks bilan shug‘ullangan bo‘lib, turli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!