O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni davlat tashrifi bilan Fransiyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
11–13-mart kunlari Parij shahrida oliy darajadagi muzokaralar va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif davomida Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Kun tartibidan O‘zbekiston—Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Shuningdek, prezident Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan kooperatsiya loyihalarini muhokama qiladi. Tashrif yakunida hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari, shuningdek, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yil kuzida Samarqandda o‘tkazish masalalarini muhokama qiladi.
Le Figaro nashrining maʼlum qilishicha, tashrif davomida energetika masalalari asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!