Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH kuchli bosim o‘tkazayotgan bir paytda hech qanday muzokara o‘tkazmasligini aytib, Donald Trampga qat’iy javob qaytardi.
“Ular (AQSH) buyruq berib, tahdid qilishi biz uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Men hattoki siz bilan ham muzokara qilmayman. Xohlagan narsangizni qiling,” — deya Pezeshkiyonning so‘zlarini Eron davlat matbuoti keltirmoqda.
Biroq ta’kidlash joiz, Eronning tashqi siyosatini belgilovchi asosiy shaxs prezident emas. Bu borada so‘nggi qarorni mamlakat oliy rahnamosi Ali Xomanaiy qabul qiladi.
Pezeshkiyon avvalroq AQSH bilan muzokaralarga shaxsan qarshi emasligini bildirgan, biroq Xomanaiy rozi bo‘lmaguncha bunday muloqot bo‘lmasligini tan olgan edi.
O‘tgan hafta Tramp Xomanaiyga maktub yo‘llab, Eron yadro dasturi bo‘yicha yangi muzokaralarni boshlashga chaqirdi. AQSH prezidenti, shu bilan birga, Tehronga tahdid qilib, agar muzokaradan bosh tortilsa, harbiy chora ko‘rilishi mumkinligini aytdi.
Bunga javoban, Xomanaiy Trampning ismini ochiq tilga olmagan holda Oq uyning bosim siyosatini tanqid qildi.
“Ba’zi tajovuzkor hukumatlar — men ayrim xorijiy shaxslar va yetakchilarni tavsiflash uchun ‘tajovuzkor’ so‘zidan ko‘ra mosrog‘ini bilmayman — muzokaralarni zo‘r berib talab qilmoqda. Ularning muzokaralardan maqsadi muammolarni hal qilish emas, balki hukmronlik o‘rnatish,” — dedi u.
Xomanaiyga ko‘ra, AQSH muzokaralarni bahona qilib Eronning nafaqat yadro dasturini, balki harbiy salohiyatini va mintaqadagi ta’sirini ham cheklashga harakat qilmoqda.
Tehron esa “maksimal bosim” ostida hech qanday muloqot bo‘lmasligini yana bir bor ta’kidlagan.
Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida keng qo‘llangan bosim siyosati u Oq uyga qaytishi bilan yana kuchaytirildi.
Eron 2015-yilda imzolangan, biroq AQSH 2019-yili bir tomonlama tark etgan “yadro bitimi”ga qaytishga tayyorligini bildirgan. Biroq Vashington sanksiyalarni yumshatish evaziga Tehrondan yadro dasturiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishni talab qilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!