Fransiyaning Orano va O‘zbekistonning Navoiyuran kompaniyalari Janubiy Jengeldi konida uran qazib olish loyihasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Orano kompaniyasi rasmiy sayti xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, Janubiy Jengeldi loyihasi Navoiyuranning mavjud sanoat infratuzilmasiga integratsiya qilinadi va loyiha operatori sifatida aynan ushbu kompaniya faoliyat yuritadi. Shuningdek, Yaponiyaning ITOCHU Corporation kompaniyasi qo‘shma korxona tarkibiga kam ulushli aksiyador sifatida qo‘shilishi belgilangan.
Orano vakillarining ta’kidlashicha, bu hamkorlik so‘nggi yillardagi taraqqiyotni mustahkamlab, Janubiy Jengeldi kon loyihasini rivojlantirish bo‘yicha barcha tomonlarning qat’iy intilishini aks ettiradi. Hozirgi tasdiqlangan resurslarga asoslanib, mazkur loyiha o‘n yil davomida uran ishlab chiqarishni ta’minlashi va yillik 700 metrik tonna uran qazib olish darajasiga yetishi kutilmoqda.
Janubiy Jengeldi loyihasi Orano va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2022 yilda imzolangan strategik hamkorlik kelishuvi doirasida amalga oshirilayotgan kengroq dasturga kiradi. Kelishuvga muvofiq, qo‘shimcha geologik-qidiruv dasturi ham rejalashtirilgan bo‘lib, u qo‘shma korxonaning mineral resurslarini kamida ikki barobar oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yiladi.
“Ushbu loyiha guruhimizning uran ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiya qilishga hissa qo‘shadi. Bu yangi bosqich O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil davomida olib borilgan ishlar natijasidir”, – dedi Orano kompaniyasining qazib olish faoliyati bo‘yicha katta vitse-prezidenti Xaviyer Saint Martin Tillet.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!