13-mart kuni G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH prezidenti Donald Tramp Kanadada uchrashadi. Uchrashuvda Ukrainaga nisbatan yangilanayotgan tashqi siyosat masalalari muhokama qilinadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
G7 davlatlari tarkibiga Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQSH kiradi. Mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Kvebekdagi La Malbaie chekka sayyohlik shaharchasida ikki kunlik uchrashuv o‘tkazadi.
Ukraina bo‘yicha muzokaralar
Uchrashuvning eng muhim masalalaridan biri AQSH davlat kotibi Marko Rubio Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Kiyev bilan o‘tkazgan muzokaralari bo‘ladi. Unda Ukraina 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
G7 tashqi ishlar vazirlari Jiddadagi natija hech bo‘lmaganda Ukraina bo‘yicha muzokaralarni osonlashtirishi mumkin deb hisoblamoqda. Bu esa G7 davlatlarining Ukrainaga nisbatan tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqishiga olib kelishi mumkin.
Kanada va AQSH o‘rtasidagi keskinlik
Kanada raisligidagi birinchi G7 yig‘ilishida yakuniy bayonotni tasdiqlash qiyin kechmoqda. Bunga AQSHning po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj joriy etish qarori va Kanada hamda Yevropa Ittifoqining javob choralarini e’lon qilishi sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, Donald Tramp Kanadadan barcha importlarga bojlar joriy etish tahdidi va Kanadani AQSHning 51-shtatiga aylantirish g‘oyasi bilan Ottava bilan munosabatlarni taranglashtirdi.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio bu borada «Biz Kanadani qanday egallab olishimiz haqidagi uchrashuv emas», deya bayonot berdi.
Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli esa bu javobdan qoniqmaganini bildirgan:
«Men har bir uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bilan AQSHga javob bojlarini muvofiqlashtirish va amerikaliklarga bosim o‘tkazish masalalarini ko‘taraman.»
Muzokaralar ikki kun davom etishi rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!