Jahon

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara bo‘yicha shartnoma imzoladi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara bo‘yicha shartnoma imzoladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 13-mart kuni ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ushbu tarixiy hujjat Rahmonning Bishkekka davlat tashrifi doirasida tasdiqlandi.

Shartnomaning ahamiyati

Japarov ushbu kelishuvni mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot uchun muhim qadam deb atadi.

«Ishonchim komilki, bu qadam nafaqat davlatlarimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligi, barqarorligi va izchil taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi», dedi Qirg’iziston rahbari.

Rahmon esa hujjat davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratishini aytdi.

Chegara ochildi, aviaqatnovlar tiklanadi

Shartnoma imzolanishi ortidan 2021-yil bahoridan beri yopiq bo‘lgan Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi “Qizil-Bel” va “Qayrag‘och” nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklandi.

Shuningdek, 14-martdan boshlab quyidagi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi:

Dushanbe — Bishkek

Xo‘jand — Bishkek

Bundan tashqari, chegaraoldi hududlar o‘rtasida avtobus qatnovi tiklanishi rejalashtirilgan.

Qo‘shimcha kelishuvlar

Uchrashuv yakunida Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari 16 ta hujjat, jumladan, Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzoladi.

Shuningdek, ular:

O‘zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish

CASA-1000 loyihasini tezlashtirish (Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo elektr energiyasini uzatish) masalalarida ham kelishuvga erishdi.

Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara kelishuvi

Emomali Rahmon yaqin orada Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma imzolanishini ham ma’lum qildi. Hujjat Xo‘jandda Navro‘z bayrami doirasida imzolanishi kutilmoqda.