Sevara Tulyaganovaning posti muhokamalarga sabab bo‘ldi.
«O‘zbekkonsert» sobiq matbuot kotibi Sevara Tulyaganova o‘zining Facebook sahifasida avtomobiliga zarar yetkazilgani va huquq-tartibot organlarining ushbu holat bo‘yicha chora ko‘rmayotgani haqida yozdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa 2024-yil 21-dekabr kuni soat 01:27 da sodir bo‘lgan. Uning mashinasiga notanish haydovchi zarba berib, voqea joyidan qochib ketgan. Tulyaganova hodisadan keyin mustaqil ravishda dalillar to‘plashga uringan va uch kun davomida izlanish olib borgan. Oqibatda aybdorni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan va uni YPXga olib borgan. Biroq oradan uch oy o‘tgan bo‘lsa-da, u tegishli organlar tomonidan hech qanday chora ko‘rilmaganini ta’kidlagan.
Uning yozishicha, hududdagi ko‘cha kuzatuv kameralari ishlamaydi, ayrim tadbirkorlar esa videoyozuvlarni taqdim etishdan bosh tortgan. Tulyaganova sud va prokuratura tizimlarining faoliyatini tanqid qilib, ularni isloh qilish kerakligini qayd etgan.
Uning posti ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, huquq-tartibot organlarining fuqarolar murojaatlariga munosabati borasida bahslarni keltirib chiqargan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!