AQSH poytaxtida «Ozodlik Radiosi» faoliyatiga qarshi norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar AQSH Kongressining Vakillar palatasi va Senat binolari oldida to‘planib, o‘z pozitsiyalarini ifoda etdilar.
Ular «Ozodlik Radiosi»ni moliyalashtirishni to‘xtatishga chaqirib, «Ozodlik Radiosiga mablag‘ ajratmang!», «Stop Ozodlik Radiosi!», «Soxta yangiliklarga ishonmang!» va «Ozodlik Radiosini yoping!» kabi shiorlarni ilgari surishdi.
Namoyishchilar radiostansiya materiallari ko‘pincha biryoqlama ekanligini va jamoatchilikni chalg‘itishini taʼkidlashmoqda. Ularning fikricha, «Ozodlik Radiosi» axborot vositalari orqali maʼlum kun tartibini ilgari surib, jamoatchilik ongiga taʼsir ko‘rsatishga harakat qiladi.
Ushbu norozilik namoyishlari keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. AQSH siyosatchilari USAID faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida bayonot bergach, ijtimoiy tarmoqlarda OAV mustaqilligi va ularning xalqaro axborot makonidagi roli qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Bu noroziliklar qanday oqibatlarga olib keladi? Hozircha hukumat vakillari yoki radiostansiyaning o‘zi rasmiy bayonot bergani yo‘q. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, jamoatchilik noroziligi «Ozodlik Radiosi»ning kelajakdagi faoliyati davlat darajasida muhokama qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!