AQSH Prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Rossiya banklariga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi. «Fox News» telekanali Oq uydagi manbaga tayanib xabar berishicha, Vashington sanksiyaga uchragan Rossiya banklari orqali cheklangan operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi umumiy litsenziyani uzaytirmadi.
Endilikda to‘liq bloklovchi sanksiyalar VEB, Sberbank, VTB, Alfa-bank va yana to‘qqizta yirik Rossiya moliya muassasasiga nisbatan qo‘llaniladi.
12-martga qadar mazkur banklarga Rossiya energiya resurslari uchun to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida AQSH dollaridagi tranzaksiyalarni o‘tkazishga ruxsat berilgan edi. Biroq, Tramp maʼmuriyati ushbu litsenziyani uzaytirmaslikka qaror qildi.
Mazkur cheklovlar Yevropa mamlakatlari uchun ham jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkin. Chunki sanksiyalar tufayli ular Rossiya neftini sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelishi ehtimoli bor.
«Fox News» manbasining taʼkidlashicha, mazkur chora AQSHning Moskvani Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga majburlash bo‘yicha muzokara strategiyasining bir qismi hisoblanadi. AQSH Moliya vazirligi yanvar oyida berilgan litsenziya muddati tugaganini tasdiqladi va kelgusida istisnolar berilmasligini maʼlum qildi.
Vashingtonning bu qaroriga Rossiya qanday javob qaytarayotgani hozircha nomaʼlum. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari Rossiya neftini sotib olish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!