Jahon, Siyosat

Suriyada muvaqqat Konstitutsiya qabul qilindi

Suriyada muvaqqat Konstitutsiya qabul qilindi

Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharʼ mamlakatning besh yil muddatga mo‘ljallangan vaqtinchalik Konstitutsiyasini imzoladi. Hujjatda sobiq prezident Bashar Asad tuzumini ulug‘lash jinoyat ekanligi qayd etilgan. Bu haqda Central Asia xabar berdi.

Muhim siyosiy hujjatni qabul qilish jarayonida Konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha ekspert Abdulhamid al-Avak ham ishtirok etgan. Unga ko‘ra, yangi Konstitutsiya avvalgi qator qoidalarni saqlab qolgan, jumladan, davlat rahbari musulmon bo‘lishi kerakligi va islom huquqining ustunligi haqidagi moddalar o‘z kuchida qolgan. Shu bilan birga, hujjatda so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligi mustahkamlangani ham taʼkidlangan.

Asad hukumatiga nuqta qo‘yildi

Maʼlumot uchun, 2024-yil dekabr oyida «Hayʼat Tahrir ash-Shom» (HTSH) isyonchi guruhi 50 yildan ortiq vaqt davomida hokimiyatda bo‘lgan prezident Bashar Asadni ag‘dargan edi. 2025-yil 29-yanvarda esa mamlakat boshqaruviga Ahmad ash-Sharʼ kelgan.

Yangi Konstitutsiyada davlatning zo‘ravon ekstremizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishi va fuqarolar irqi, dini, jinsi yoki urug‘iga qarab kamsitilmasligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, hujjatda armiya professional milliy institut ekanligi va uning nazoratidan tashqaridagi qurolli tuzilmalar taqiqlangani haqida ham alohida moddalar mavjud.