Jamiyat

O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahkumlar almashadi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahkumlar almashadi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston qamalgan fuqarolarini bir birigi qaytaradi. Bu bugun, 18 mart kuni Senatning beshinchi yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunda belgilangan.

Qayd etilishicha, shartnomaning asosiy maqsadi mahkumlar jazoni o‘z fuqaroligi bo‘lgan davlatda, ya’ni o‘z vatanida, oilasi yaqinida o‘tash imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Shartnomada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni hukmni ijro etish uchun o‘z davlatiga topshirish asoslari, shartlari hamda tartiblari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Shuningdek, mazkur hujjatda mahkumni topshirish bilan bog‘liq xarajatlar, nizolarni hal qilish, ikki tomonlama aloqa tillari, shartnomaga o‘zgartirish kiritish hamda uning kuchga kirishi kabi muhim masalalar o‘rin olgan. Shartnomada O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh prokuraturalari tomonlarning markaziy organlari etib belgilangan.

Bildirilishicha, mazkur shartnomaning ratifikatsiya qilinishi mahkum o‘ziga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashini davom ettirishini ta’minlash orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni jadallashtirish imkonini beradi.

“Shubhasiz, mahkumlarning jazoni o‘z davlatida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkoniyatini berish bilan birga mahkumlarning oilaviy munosabatlariga ijobiy ta’sir qiladi hamda ularning ijtimoiy hayotga moslashuvini tezlashtiradi”, deyiladi xabarda.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, mamlakatlar o‘rtasida mahkumlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuv 2024 yilning 18 iyulida Toshkent shahrida tuzilgan. Joriy yil yanvar oyida Qonun loyihasi Qirg‘iziston Jogorku Kenesh tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Qirg‘iziston Bosh prokurori o‘rinbosari Umutkan Qo‘nkuboyeva deputatlarga O‘zbekiston Respublikasida Qirg‘iziston Respublikasining 42 nafar fuqarosi, Qirg‘izistonda esa 97 nafar O‘zbekiston fuqarosi jazo o‘tayotgani haqida ma’lumot bergan. Bu fuqarolarning barchasi o‘z vatanlarida jazoni o‘tashda davom etadi.