Saudiya Arabistonidan 19 nafar yurtdoshimiz O`zbekistonga qaytarildi
Shu yilning 12-14 mart kunlari 19 nafar O`zbekiston fuqarolari, jumladan Saudiya Arabistoni huquq-tartibot idoralari tomonidan ilgari hibsga olingan ayollar yurtimizga qaytarildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O`zbekiston elchixonasi tomonidan Saudiya Arabistonining vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida barcha hibsga olinganlar o`z oilasi bag`riga qaytishga muvaffaq bo`ldi.
O`zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga turistik vizalar bilan kelgan, biroq zarur ruxsatnomalarni olmasdan ishga joylashish maqsadida mamlakatda qolgan. Hibsga olinganlar orasida 20 yoshga to`lmagan vatandoshlar ham bor. Ulardan ba’zilari qarindoshlariga xabar bermasdan sayohatga chiqqani oilalarda tashvish va faol qidiruvga sabab bo`lgan.
«Xorijga chiqishni rejalashtirayotgan barcha fuqarolarimizga qabul qiluvchi davlat qonunchiligini oldindan o`rganishni, mahalliy an’ana va me’yorlarni hurmat qilishni, shuningdek, qonuniy bo`lish va ishga joylashish uchun barcha zarur hujjatlarni tayyorlashni qat’iy so`raymiz. Bundan tashqari, turli vaziyatlarda muloqot qilish uchun mezbon davlat tilining asoslarini o`rganish tavsiya qilamiz. Saudiya Arabistonida qiyin vaziyatlarga duch kelsangiz Ar-Riyoz shahridagi elchixona yoki Jiddadagi Bosh konsulxonaga murojaat qilishingiz mumkin», deyilgan O`zbekiston elchixonasi relizida.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!