Falastin xalqi og‘ir sharoitlarda boshpanasiz qolmoqda
Ayrim xabarlarda Isroil harbiy kuchlari Falastinning G‘arbiy Sohil hududida harbiy amaliyotlarini kengaytirib, Tulkarm shahridagi al-Muqata hududida yashovchilarga uylarini tark etish uchun yarim tungacha muhlat bergani aytilmoqda. Mahalliy manbalarga ko‘ra, harbiy harakatlar G‘azo sektoridagi operatsiyalarning qayta boshlanishi fonida kuchaygan.
So‘nggi haftalarda Isroil armiyasi Jeninga, Tulkarm va Tubasga, jumladan, u yerdagi qochqinlar lagerlariga hujum qilib, o‘nlab tinch aholini shahid qildi. Rasmiy ma’lumotlar 40 mingdan ortiq falastinlik majburiy ravishda o‘z uylarini tark etganini, qochqinlar lagerlarining infratuzilmasi esa jiddiy zarar ko‘rganini tasdiqlamoqda.
Bosqin oqibatida minglab oilalar boshpanasiz qolgan. Ayrimlar qarindoshlari va tanishlari uylariga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, boshqalar masjidlar, maktablar va jamoat markazlarida vaqtincha boshpana topishga majbur bo‘lgan. Eng og‘ir sharoitda qolgan oilalar tog‘ va vodiylarda chodirlarda yashashga mahkum, suv, oziq-ovqat va eng zarur hayotiy ehtiyojlar haqida esa gap bo‘lishi mumkin emas.
Jenin va uning qochqinlar lageri qariyb ikki oydan buyon – 61 kun davomida qamal holatida qolmoqda, Tulkarm va uning atrofidagi hududlar esa 55 kundan buyon blokada ostida.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!