Jahon

Telekanallariga mitinglardan jonli efir uzatish taqiqlandi

Telekanallariga mitinglardan jonli efir uzatish taqiqlandi

Turkiyada lavozimidan chetlatilgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan o‘tkazilayotgan mitinglarni telekanallarda efirga uzatish taqiqlandi. Bu haqda Turkiya Radio va televideniye oliy kengashi rahbari Abubakir Shahin ogohlantirish bilan chiqdi.

Abubakir Shahin teleradiokompaniyalardan norozilik namoyishlarini jonli efirda uzatishni to‘xtatishni talab qilgan va bunga rioya qilinmasa, litsenziyalar bekor qilinishi bilan tahdid qilgan. Shahinning ta’kidlashicha, namoyishlar yoritilishi “cheklangan” va “xolis” bo‘lishi kerak, shuningdek, u rasmiy ma’lumotlar va hukumat vakillarining tushuntirishlarini o‘z ichiga olishi shart.

Abubakir Shahinning ogohlantirishidan keyin Turkiyaning yetakchi telekanallari mitinglar, norozilik namoyishlari va Istanbul Adliya saroyidan jonli efirni to‘xtatgan. Aynan shu joyda Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘liga ehtiyot chorasi belgilangandi.

Xususan, TRT Haber, NTV, CNN Turk kabi telekanallar translyatsiyalarni to‘xtatgan. Hozirgacha sodir bo‘lgan voqealar haqida fotoreportajlar bilan xabarlar berish davom etmoqda, shuningdek, ekspertlarning chiqishlari efirga uzatilmoqda. Ba’zi telekanallar, jumladan, xususiy Halk TV norozilik namoyishlari o‘tayotgan joylardan jonli efirni davom ettirmoqda.

“Politico” nashrining yozishicha, X ijtimoiy tarmog‘i mitinglar fonida ayrim turkiyalik muxolifat faollarining akkauntlarini bloklagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim profillarga faqat Turkiya hududida kirish cheklangan, boshqa mamlakatlarda esa bunday taqiq mavjud emas.