Jamiyat

Demokrat uz jiddiy bosimga uchramoqda

Demokrat uz jiddiy bosimga uchramoqda

Demokratiya, soʻz erkinligi toʻsilishiga birgalikda qarshi kurashaylik

Xabaringiz bor, bir necha kun avval Demokrat.uzʼning telegram sahifasida Internet nashrining jurnalistlariga bosim, Ichki ishlar organlariga noqonuniy chaqiruvlar boʻlayotgani haqida post qoldirgan edik. Ushbu chiqishdan keyin IIB maʼsul xodimlari aloqaga chiqib, mazkur holat nazoratga olingani barchasi joyida boʻlishi haqida maʼlumot berishgani uchun mavzu yopilgan edi. Ammo, bu mavzu – bizning nazdimizda yopilgan ekan.

Voqealar esa «ichki» tartibda davom ettirilgan. Demokrat.uz xodimi jirnalist Nilufar Hamroyevaning oila aʼzolari, ota-onalari bilan tushintirish, aytish joiz boʻlsa, qoʻrqitish bilan davom ettirilgan.

Surushtiruv olib borilgan vaqtda, jurnalistga taqib davom etgani maʼlum boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, jurnalistning ota-onasiga jurnalistning nashrdan boʻshash talabi qoʻyilib, agar boʻshamasa qizi turli tasodiflarga uchrashi (yoʻl transport hodisasi)ni bildirgan.

Shu kabi bosimlar ostida jurnalist Demokrat.uz’dan ixtiyoriy «majburiy» tarzda boʻshash haqida ariza yozishini bildiradi.

Mehnat qonunchiligiga muvofiq, N.Hamroyevani talabi bilan jurnalistning uyi oldiga borib suhbat olib borilayotgan vaqtda Yangihayot post patrul xizmati xodimlari paydo boʻlib, surushtiruv tintuv harakatlarini olib boradi.

Ushbu holatda, Ichki ishlar xodimi shubhalangan shaxsni faqat sud qarori bilangina tintuv oʻtkazish lozimligini unuttishdi. Xolislar ishtirokida tintuv oʻtkazdilar.

Xizmat tekshiruvi soʻzi, niqobi ostida avtomashina va shaxsiy buyumlari tintuvdan oʻtkazildi. Paypoqdan tortib, ust-boshlar barchasi koʻzdan kechirildi. Tintuv vaqtida qiz bolani ham shu tartibda tintuv oʻtkazish na axloqqa, na meʼyorga toʻgʻri keladi.

Inson qadri, soʻz erkinligi, demokratiya deya Prezident koʻp taʼkidlashlariga qaramasdan bu kabi holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan provakatsion harakatlar sodir boʻlayotgani, davom etayotganini qanday tushunish mumkin? Ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentga nisbatan salbiy fikrlarni shakllanishiga aynan mana shu kabi holatlar, ayrim xodimlarning xatti-harakati sabab boʻlmoqda, deb hisoblayman.

Davlat siyosatiga qarshi provakatsion holatlar aynan organ xodimlari tomonidan sodir etilishi achinarli albatta.

Bilasizmi, «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi, «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish toʻgʻrisida»gi va boshqa bir qator qonunlarda jurnalistlar faoliyati erkinligi, mustaqilligi, ular toʻplagan materiallar koʻzdan kechirilashiga ruxsat berilmasligi, jurnalistik surushtiruv vaqtida toʻplagan maʼlumotlarni eʼlon qilishi, shaxs daxlsizligi taʼminlanishi keltirib oʻtilgan. Shunday boʻlsa-da, bugun amaliyotda ushbu normalar ishlamayapti. Bugun amaliyotda elkasiga pogon taqqan qaysidir xodimning kayfiyati, xohishlari amalda ishlayapti. Bu juda ham achinarli emasmi?

Pirovardini aytganda, mazkur murojaatim jurnalistika sohasiga endi qadam qoʻyib kelayotgan yoshlarni sohadan bezdirishi, soʻz erkinligini bugʻilishiga sabab boʻluvchi har qanday omilning bugundan boshlab oldini olaylik.

Maqolaning toʻliq shaklini videoformatda ham tomosha qilishingiz mumkin.

Fazliddin Mehmonov