Jahon

Bir haftada salkam 1500 kishi qo‘lga olingan

Bir haftada salkam 1500 kishi qo‘lga olingan

Turkiyada 19-martdan buyon o‘tkazilgan namoyishlarda shu kungacha 1418 nafar gumondor qo‘lga olindi, deya mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya 25-mart kuni xabar berdi.

Hozirda 979 nafar gumonlanuvchi hibsda bo‘lsa, bugun 478 nafar shaxs sudga keltiriladi, dedi u o‘zining X sahifasida.

“Ko‘chalarni terror qilishga uringanlarga, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga, militsiyamizga tajovuz qilganlarga hech qachon yon berilmaydi”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Yerlikaya, shuningdek, Sarachhane (Istanbul)dagi namoyishlardan so‘ng prezident Erdog‘anning marhum onasi va oilasiga qilingan haqoratlarni yana bir bor qoralashini bildirdi.

O‘z navbatida, hibsdagi mer Ekrem Imamog‘lu ham bunday haqoratlarni qoralashini ta’kidladi.

“19-martdagi to‘ntarishga qarshi qonuniy yo‘l bilan kurashamiz. Ammo bu zarba uchun non kabi, suv kabi havoday tabarruk bilgan onalarimizga haqoratlar yog‘dirilishiga ko‘nglim rozi bo‘lmaydi. Prezidentning onasiga nisbatan qilingan haqoratlarni men chin dildan qoralayman”, — deb yozdi Imamog‘lu.

23-mart kuni Turkiyada sud Istanbul meri Ekrem Imamog‘luni korrupsiya ishi bo‘yicha qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. O‘sha kuni, shuningdek, muxolifatdagi Jumhuriyat-xalq partiyasi prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatish uchun dastlabki saylovni o‘tkazdi va Imamog‘luga salkam 15 mln ovoz berildi.

Turkiya prezidenti saylovi 2028-yilga mo‘ljallangan. Shu bilan birga, ular, ehtimol, muddatidan oldin o‘tadi, bu esa Erdog‘anga uchinchi muddatga nomzodini qo‘yish imkonini beradi. Imamog‘lu esa amaldagi prezidentga raqib deb ko‘riladi.

Ekrem Imamog‘lu 2019-yildan buyon Istanbulni boshqarib kelmoqda. Birinchi marta Turkiya Markaziy saylov komissiyasi uning g‘alabasini bekor qildi, ammo takroriy saylovda u yanada katta farq bilan g‘alaba qozondi. 2024-yilda Imamog‘lu bu lavozimga qayta saylandi.