Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)dan prezidentlikka nomzod va Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi davom etayotgan namoyishlarda qatnashganlarni ogohlantirdi. Bu haqda Prezident kecha, 25 mart kuni universitet talabalari bilan bo‘lib o‘tgan iftorlik paytida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, davlatni yo‘q qilmoqchi bo‘lganlar javob berishga majburdir.
“Ko‘chalarda terror tarqatib, bu davlatni olovga aylantirmoqchi bo‘lganlarning borar joyi yo‘q, tutgan yo‘li boshi berk ko‘chadir”, degan Erdo‘g‘an.
Prezidentning qayd etishicha, namoyishga chiqqan aholi faqatgina o‘z manfaati yo‘lida harakat qilmoqda. U namoyishga chiqqanlar va bu yo‘lni tutganlar uchun qonuniy chora ko‘rilishi, davlatga qarshi qilingan harakatlarga javob berilishi haqida ham qo‘shimcha qilgan.
“Biz provokatsiyalarga berilmaymiz va g‘azabimizga albatta bo‘ysunmaymiz. Biz hech qachon falokat bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan qorong‘u yo‘llarga kirmaymiz. O‘z iflosliklarini yashirish uchun yoshlar orqasiga yashiringan qo‘rqoqlarning arzon siyosatiga tushmaymiz. Biz hech qachon haq-huquqlarini tortib olgan yuz minglab yoshlarning yuziga qaray olmaydigan qabih ssenariylarning yoki firibgarlarning piyodalarining bir qismi bo‘lmaymiz. Qonunbuzarlik uchun yana qonun doirasida javobgarlikni talab qilamiz. Demokratiyamizga qilingan hujumlarni qonuniy asoslarda yo‘q qilamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Namoyishlarga munosabat bildirgan Erdo‘g‘an ushbu voqealarni G‘arb bilan solishtirib ko‘rishdan ham tortinmadi.
“Mamlakatimizda aytilgan vandalizm va haqoratlarning mingdan biri G‘arb davlatlarida sodir bo‘lganida, jinoyatchilarning holi nima bo‘lishini ko‘ring. Ayniqsa, politsiyaga, adliya a’zolariga, mamlakat ma’murlariga yomonlik bilan hujum qilganlar darhol ishdan bo‘shatiladi”, degan u.
Shuningdek, davlat rahbari namoyishchilar va muxolifatning demokratiyadan tushunchasi yo‘qligini aytgan
“Ozodlik deganda ko‘chalarni, tarixiy masjidlarimizning hovlilarini, ajdodlarimizning qabr toshlarini yoqib yuborishni, ziyoratgohlarimizda spirtli ichimliklar ichishni nazarda tutayotgan bo‘lsalar, biz hech qanday sharoitda u yerda bo‘lmaymiz va bo‘la olmaymiz. Buni huquq va erkinliklar doirasida ko‘rib chiqa olmaymiz, shu paytgacha hech kimning bizga demokratiyadan saboq berishiga, inson huquqlari va erkinliklari kabi tushunchalar orqali xalq irodasini pistirma qilishga ruxsat berganimiz yo‘q, bundan keyin ham buni qilmaymiz”, deya ogohlantirgan Erdo‘g‘an.
Qolaversa, Turkiya rahbari hammani o‘z chegarasini bilishga chaqirgan.
“Hammani o‘z chegarasini bilishga, o‘lchovni saqlashga, adolat izlash bilan haqorat va vandalizm o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tmaslikka chaqiraman. Buning teskarisini qilgan va aytganlar nafaqat o‘ziga, balki shu mamlakat va millatga ham eng katta zarar keltiradi”, deya ogohlantirish bergan davlat rahbari.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!