Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Petergof hududida 30 mart kuni 21 yoshli o‘zbekistonlik yigit noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi.
Voqea guvohlaridan birining aytishicha, Xalturina ko‘chasida olti-yetti nafar erkak o‘zbekistonlik migrantni do‘pposlab, yaqin atrofda turgan avtomobilga majburan o‘tqazib olib ketgan. Jabrlanuvchining yonida bo‘lgan tanishi ham ular bilan birga mashinaga o‘tirgan. Shundan so‘ng ular voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.
Oradan bir necha soat o‘tib, jabrlanuvchining ukasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar telefon orqali bog‘lanib, akasini qaytarish evaziga 40 ming rubl miqdorida tovon puli talab qilgan.
Hozirda huquq-tartibot organlari tomonidan hodisaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!