2025-yilning 28-mart kuni Bryussel prokuraturasi Musodara qilingan mol-mulkni boshqarish markaziga (COIV) jami 108 million dollarni Belgiyaning davlat g‘aznasi hisob raqamiga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma yubordi. Ushbu mablag‘ Belgiyaning foydasiga musodara qilingani haqida Bryussel prokuraturasi saytida xabar joylandi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda telekommunikatsiya shartnomalarini berishda korrupsiya va noqonuniy komission to‘lovlar hamda ularning pul yuvish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari bo‘yicha olib borilgan tergov doirasida O‘zbekiston sud organlari xalqaro huquqiy yordam so‘roviga binoan Bryussel prokuraturasiga murojaat qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasi asosida berilgan xalqaro xizmat ko‘rsatish buyrug‘iga ko‘ra, Belgiya hududida O‘zbekiston rasmiylarining so‘rovi asosida 200 million dollar musodara qilingan.
Bryussel prokuraturasining talabiga binoan, sud jinoyat yo‘li bilan olingan mablag‘larni ikkala davlat o‘rtasida taqsimlash kerak degan xulosaga kelgan. Bu qaror Yevropa Ittifoqining ikki a’zo davlati o‘rtasida musodara qilingan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha mavjud qonuniy mexanizmga o‘xshash prinsip asosida qabul qilingan.
Ushbu sud qaroriga muvofiq, 108 million dollar O‘zbekistonga o‘tkazilishi belgilangan. Biroq bayonotda mazkur mablag‘larning qaysi jinoyat va kim bilan bog‘liq ekani oshkor qilinmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!