Andijon viloyatining Andijon shahrida 52 ta radar kamerasiga pnevmatik miltiqdan o‘q otgan erkak aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1976 yilda tug‘ilgan M.S. ismli shaxs Andijon shahri hududidagi 29 ta chorrahaga o‘rnatilgan 51 dona Hikvision rusumli yo‘l harakati qoidalari buzilganini aniqlaydigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd qilish dasturiy-texnik vositalari va 1 dona Hikvision rusumli radar kompleksiga o‘ziga tegishli bo‘lgan SRKET rusumli pnevmatik miltiqdan o‘q otish orqali qasddan shikast yetkazgan. Ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud-tovarshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jami 1 milliard 147 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro M.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!