Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputati, hozirda ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev 19-aprel kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIBga chaqirilganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ishga aloqasi bo‘lmasa-da, uning telefoni olib qo‘yilgan. Shuningdek, u IIB xodimlari qo‘shnilardan u haqda ma’lumot to‘plaganini bildirgan.
Viloyat IIBB 20-aprel kungi bayonotida sobiq deputatning chaqirilishiga fuqaro R.F.ning arizasi sabab bo‘lgan, unda ijtimoiy tarmoqlarda uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, shuningdek, uni haqoratlovchi ma’lumotlarni e’lon qilingani bayon etilgan.
Kusherbayev jinoyat ishi doirasida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilishi munosabati bilan “qonunchilikda belgilangan tartibda” IIBga chaqirilgan. U yerda “tegishli protsessual harakatlar” amalga oshirildi, deyiladi bayonotda.
IIBBning qayd etishicha, Kusherbayevning telefoni arizachi tomonidan bayon etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish, shuningdek, tergovga qadar tekshiruvning har tomonlama to‘liq va sifatli olib borilishi maqsadida tergov bo‘limi qarori bilan vaqtincha olib qo‘yilgan va ko‘zdan kechirilgan. U yerda olib qo‘yish uchun asos sifatida Jinoyat-protsessual kodeksining 157-moddasi (Olib qo‘yish uchun asoslar) va 159-moddasi (Olib qo‘yishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim) ko‘rsatilgan.
Hozirda ish doirasida protsessual harakatlar davom etmoqda, deyiladi bayonotda.
IIBB Kusherbayev va “ayrim jamoatchilik faollari”ning sobiq deputat asossiz ariza bilan IIBga chaqirilgani, uning telefoni asossiz ravishda olib qo‘yilgani va unga nisbatan alohida tekshiruvlar o‘tkazilgani haqidagi xabarlarini rad etdi.
“Fuqaroning arizasi mamlakatimizning qonun hujjatlariga ko‘ra, to‘liq tekshirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, — deya ta’kidladi IIBB.
Shu bilan birga, idora har bir protsessual harakatning asosliligi va qonuniyligi yuzasidan shikoyat qilish mumkinligini eslatdi.
IIBB jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga aralashish va muayyan maqsadlarda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ishni ko‘rib chiqish natijalariga ta’sir o‘tkazishga urinish uchun javobgarlikni eslatdi.
Keyinroq Kusherbayev bayonot berishga ijtimoiy tarmoqlardagi posti sabab bo‘lganini, u yerda hech kimning ismini ko‘rsatmaganini ma’lum qildi. Postda ““Alkash”ning ham gapiga munosabat qilish mumkin, lekin haqiqiy itga munosabat qilish kerakmas, garchi u o‘zini huquqshunos deb hisoblasa ham” deya yozilgandi.
“Bu fikrdan o‘zini haqoratlangan deb hisoblagan kimdir ariza yozgan ekan. Qachondan beri matnni ekspertiza qilish uchun shaxsning telefoni olib qo‘yiladigan bo‘lgan, bunisi tushunarsiz. Yana kimdir bu fikrim uchun o‘zini haqoratlangan deb hisoblasa, bemalol IIBga ariza yozaverishi mumkin, qolgan telefon va texnik qurilmalarimni ham beraman. Yashasin so‘z va fikr erkinligi”, — dedi ekologiya vaziri maslahatchisi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!