31-avgust kechasi Afg‘oniston sharqida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida 250 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 500 ga yaqin kishi jarohat oldi.
Reuters xabariga ko‘ra, 6,0 magnitudali zilzila soat 23:47 da qayd etilgan. Epimarkaz Nangarhor viloyatidagi Jalolobod shahridan 27 km shimoli-sharqda joylashgan. Chuqurligi 8 km bo‘lgan silkinish katta vayronagarchilikka sabab bo‘ldi.
Oradan 20 daqiqa o‘tib, shu hududda 4,5 magnitudali takroriy zilzila ham yuz berdi. Tebranishlar Kunar viloyatida ham sezilgan. Ko‘plab odamlar tun bo‘lgani sababli uyquda zilzilani anglamay qolib, vayronalar ostida qolgan.
Loy va toshdan qurilgan uylar qulab tushgani aytilmoqda. Qutqaruvchilar hozircha tirik qolganlarni vayronalar ostidan qutqarish ishlarini olib bormoqda.
Kunar viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Nur-Gul, Soki, Vatpur, Manogi va Chapadare hududlarida eng ko‘p talafot kuzatilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!