O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash va energiyaga aylantirish bo‘yicha yangi loyihalar joriy etilmoqda. Ekosanoat zonalari hamda chiqindi poligonlari hududidan tadbirkorlarga yer ajratilib, qurilish chiqindilaridan 15 turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. AQShning “Sayar” kompaniyasi bilan 115 mln dollarlik loyiha asosida tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali issiqlik energiyasi ishlab chiqarish boshlandi. Dastlab Toshkent shahrida yiliga 6 ming tonna chiqindidan 20 GVtsoat energiya olinmoqda, Buxoro va Samarqandda qurilish ishlari olib borilmoqda. 2026–2030 yillarda qolgan hududlarda 90 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, 300 GVtsoat energiya ishlab chiqariladi.
Respublikada yiliga 144 ming tonna elektron chiqindi, 1,8 mln tonna plastik, 647 ming tonna shisha, 250 ming tonna texnik moy va 217 ming tonna rezina chiqindi hosil bo‘lmoqda. Shu bois dastlab batareyka va akkumulyatorlar, moylar, shinalar, transport vositalari, qadoq va shisha mahsulotlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi. Maxsus jamg‘arma orqali chiqindi qayta ishlovchilarga “yashil subsidiya” beriladi.
Hozirda 9,5 ming gektar maydondagi sanoat chiqindi poligonlarida 3,3 mlrd tonna chiqindi to‘plangan. 40 mln dollarlik loyiha asosida eskirgan avtomobil shinalari qayta ishlanib, kauchuk kukuni, rezina granulasi va boshqa mahsulotlar olinadi. Poligonlarda saralash ishlari tashkil etilib, 7 ming nafar lo‘li millatiga mansub fuqarolar rasmiy bandlikka jalb qilinadi.
Plastik chiqindilarni kamaytirish maqsadida Toshkent va Samarqandda 500 ta fandomat o‘rnatiladi. Ayni paytda Norvegiyaning “Tomra” kompaniyasi Toshkentda ikkita fandomatni sinov tariqasida ishga tushirdi. Shuningdek, organik chiqindilarni kompostlash orqali biogaz va organik o‘g‘it ishlab chiqarish loyihasi Toshkent viloyatida Yaponiyaning “Le One” kompaniyasi bilan amalga oshirilmoqda.
“Toza Makon billing” tizimi elektron to‘lov platformalari bilan integratsiya qilinib, chiqindi to‘lovlarini onlayn amalga oshirish imkoniyati yaratildi. 185 ta maishiy chiqindi poligonidan 41 tasi tartibga keltirildi, 29 tasi rekultivatsiya qilinib, 81 gektar yer tabiatga qaytarildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!