Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat harbiy salohiyatini kuchaytirishda davom etayotganini va xalq har qanday tashqi tahdidga doimo tayyor bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.
“Dunyodagi voqealar shiddat bilan rivojlanmoqda, ertaga nima yuz berishini hech kim oldindan ayta olmaydi. Bizning xavfsizligimiz kafolati – bu o‘zimiz, Qurolli Kuchlarimiz va xalqimizdir. Har qanday provokatsiyaga uringanlar albatta pushaymon bo‘ladi”, – dedi Aliyev.
Davlat rahbari mamlakatga zamonaviy dronlar, artilleriya tizimlari va jangovar samolyotlar yetkazib berilganini, shuningdek, yangi shartnomalar imzolanib, mavjud harbiy texnikalar modernizatsiya qilinayotganini ma’lum qildi.
Aliyev, shuningdek, Armaniston bilan imzolanayotgan tinchlik kelishuvi haqida to‘xtalib, hujjatning barcha bandlari Bokuning rasmiy pozitsiyasiga asoslanganini ta’kidladi.
“Endi Ozarbayjondan Naxchivonga quruqlik yo‘li ochilmoqda”, – dedi Prezident.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!