Jahon, Madaniyat

Mozori Sharifda Navoiy yodgorligini qayta tiklash ishlari boshlandi

Mozori Sharifda Navoiy yodgorligini qayta tiklash ishlari boshlandi

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligini qayta tiklash va obodonlashtirish loyihasiga tamal toshi qo‘yildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Shahar hokimi Abdurahmon Himmatning so‘zlariga ko‘ra, Muxobirot chorrahasida joylashgan, vaqt o‘tishi bilan xarob holga kelgan Navoiy yodgorligini yangilash bo‘yicha qaror qabul qilingan.

«Yangi majmua uchun keng yer maydoni ajratildi. Unda Navoiyning tarjimai holi, hayoti va davlat arbobi sifatida qilgan ezgu ishlari aks ettirilgan lavha o‘zbek, ingliz, doriy va pushtu tillarida o‘rnatiladi. Shuningdek, majmua hududida kutubxona tashkil etiladi», — dedi shahar hokimi.

Ma’lum qilinishicha, yodgorlik qurilishi shahar hokimligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va bir oy ichida yakunlanadi. Yodgorlik uchun matnlarni tayyorlashda Termiz davlat universiteti mutaxassislari ko‘maklashmoqda.

Avvalroq Afg‘onistondagi Navoiy haykali va yodgorligi butunlay buzib tashlangani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu borada Afg‘oniston hukumatidan izoh so‘ragan. O‘z navbatida «Tolibon» vakillari haykal hukumat bilan kelishilmagan holda mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlanganini, avvalgi joyi buyuk alloma xotirasiga munosib emasligini va Navoiy uchun «yanada ko‘rkam majmua barpo etilishi lozimligini» ma’lum qilgan edi.