Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan xalq deputatlari sessiyasida hokim Erkinjon Turdimov ishsizlik va boqimandalik muammosi haqida keskin fikrlar bildirdi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Sirdaryoda boshqa viloyatlarga nisbatan ish bilan ta’minlash imkoniyatlari kengroq bo‘lsa-da, ko‘plab aholi mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan bexabar qolmoqda. Shu bois ko‘plab mutaxassislar qo‘shni hududlardan kelib ishlashga majbur bo‘lmoqda.
Turdimov mahalla raislari va mas’ullar ishchi kuchini jalb qilishda yetarlicha faollik ko‘rsatmayotganini tanqid qildi. Uning fikricha, bu holat ishsizlikning ortishiga va odamlarning “boqimandalik kayfiyatiga” berilishiga olib kelmoqda.
Hokim quyidagi taklif va izohlarni ilgari surdi:
Ishga yaroqli odamlarga nafaqa berilmasligi kerak.
Uch million so‘mlik maoshni “kam” deb rad etayotganlar bor; ko‘proq maosh xohlovchi kishi bilim olib, mutaxassis bo‘lishi lozim.
Diplom emas, amaliy bilim muhim.
Aholi orasida “faqat ber” degan kayfiyat kengaymoqda.
“Kambag‘al ishlay olmaydi, boqimanda esa ishlashdan qochadi. Ishlaydigan odamga haq berish, ishlamasa — katta ko‘cha”, — deya qat’iy tamoyilni ilgari surdi hokim.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!