Jahon, Yangiliklar

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklaydi

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklaydi

O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov prezidentning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlari bo‘yicha bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bugungi kunda Turkmanistondan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarimiz mavjud emas. Bugun biz hujjatga qo‘l qo‘ydik. Qisqa kunlarda ikki tomonlama qatnovlarni boshlashga imkoniyat yaratildi”, – dedi vazir.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar 2013-yil may oyida to‘xtatilgan edi. Manbalarga ko‘ra, bunga yo‘nalishning daromadli emasligi sabab bo‘lgan.

22-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi chog‘ida ikki tomonlama muzokaralar hamda O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon rahbarlarining uch tomonlama sammiti o‘tkazildi. Tadbir yakunida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida bir qator hujjatlar imzolandi.

Xususan, transport vaziri Ilhom Mahkamov va “Turkman havo yo‘llari” raisi Dovran Saburov fuqarolik aviatsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzoladi.

Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston O‘rta koridorda yuk tashuvlarini rivojlantirish maqsadida Kaspiy dengizida o‘z paromlariga ega bo‘lishni rejalashtirmoqda.

Shu maqsadda Turkmaniston va Ozarboyjondagi kemasozlik zavodlari bilan texnik va tijoriy masalalarni kelishish bo‘yicha muzokaralar olib borilishi mumkin.