Jamiyat

O‘zbekistonda ishsizlar soni 800 ming nafarga yetdi

O‘zbekistonda ishsizlar soni 800 ming nafarga yetdi

2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda ish bilan band aholi soni 14,6 mln nafarni tashkil etmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ishsizlar soni 800 ming nafarga yetgan.

Umumiy hisobda mehnat bozorida qamrab olinmagan aholi 22,5 mln nafarni tashkil etib, ularning 12 mln nafari mehnatga layoqatli yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan iborat.

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholining doimiy o‘sishi va unda yoshlar ulushining katta bo‘lishi iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq mehnat bozori uchun bosimni kuchaytiradi.

Hozirgi mehnatga layoqatli yoshgacha bo‘lgan aholi asta-sekin bozorga qo‘shilib, ish o‘rinlariga talabni oshirmoqda. Bu esa bandlik, ish haqi va iqtisodiy unumdorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

So‘nggi yillarda mehnatga layoqatli yoshdagi (15–64 yosh) aholining o‘sish sur’ati sezilarli tezlashgan. 2022-yilda 0,8 foiz bo‘lgan ko‘rsatkich 2025-yilning ikkinchi choragida 1,4 foizga yetgan.

Mutaxassislar fikricha, yoshlarning mehnat bozoriga tez kirib kelishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlasa-da, ishchi kuchi taklifining ortishi talab tomonida inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin.