Jahon

Ukraina aholisi 10 millionga kamaydi

Ukraina aholisi 10 millionga kamaydi

2022-yilda keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon mamlakat aholisi 10 million kishiga qisqardi. “Frontliner” ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1990-yillardagi 50 millionlik darajadan ancha past.

Aholi sonining kamayishiga urush, ommaviy migratsiya, o‘lim ko‘rsatkichining oshishi va tug‘ilishning keskin pasayishi sabab bo‘lmoqda.

Bugungi kunda 5 milliondan ortiq ukrainaliklar xorijda yashamoqda. Ularning katta qismi, ayniqsa chaqiruv yoshidagi erkaklar, vatanga qaytishni rejalashtirmayapti. Hukumat ish va uy-joy dasturlari orqali fuqarolarni qaytarishga harakat qilmoqda, biroq millionlab odamlar chet elda hayotini davom ettirmoqda.

Eng ko‘p aholi yo‘qotilgan hududlar — Donesk, Lugansk, Xerson, Zaporojye va Xarkiv viloyatlari. Bu yerda asosan keksa odamlar qolmoqda. 2023-yilda 495 ming kishi vafot etgani qayd etildi.

Shu yili mamlakat tarixidagi eng past tug‘ilish ko‘rsatkichi qayd etildi — 180 ming bola dunyoga keldi. Bugungi kunda aholining 27 foizi 60 yoshdan oshganlar, 18 yoshgacha bo‘lganlar esa atigi 15 foizni tashkil etadi.

2024-yilda hukumat 2040-yilgacha mo‘ljallangan demografik strategiya qabul qildi. Biroq ekspertlar to‘lovlar inflyatsiya sabab qadrsizlanayotganini, infratuzilma loyihalari esa sekin amalga oshirilayotganini ta’kidlashmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa, 2041-yilga borib Ukraina aholisi yana 10 millionga kamayishi mumkin.